“IT Star” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi

Joriy yilning 11-may kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida IT ta’lim uyushmasi qoshida tashkil etilgan IT Ladies hamjamiyatining qizlar orasida o‘tkazgan IT Star tanlovi g‘oliblarining taqdirlash marosimi bo‘lim o‘tdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi rasmiy sayti.

IT Star tanlovining asosiy maqsadi qizlar o‘rtasida IT sohasini targ‘ib qilish, shu sohadagi qizlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro netvorking o‘rnatish va tajriba almashishdan iborat. Tanlovga respublikaning turli hududlaridan 700 dan ortiq arizalar kelib tushgan. Qizlarni baholashda IT Ladies hamjamiyati rezidentlari, IT ta’lim uyushmasi, IT Community Uzbekistan vakillaridan iborat hakamlar hay’ati arizachilarning yutuqlari, amalga oshirgan loyihalarining dolzarbligi va jamiyatdagi faolliklari inobatga oldi. Shunday qilib iqtidorli loyiha menejerlari, marketolog, dasturchi, grafik dizayner, IT rekruter, frilanser, IT sohasi bilan bog‘liq har qanday yo‘nalishda faoliyat yuritadigan kasb egalari (jurnalistlar, yurist, talaba, o‘quvchi, tadqiqotchi, muhandis va boshqalar) 46 ta nominatsiyada taqdirlandi.

Marosim davomida Huawei kompaniyasi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlari o‘rtasida o‘tkaziladigan navbatdagi Seed for the Future — 2024 ta’lim loyihasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi e’lon qilindi. 2024-yilning avgust oyiga rejalashtirilgan loyiha mintaqadagi 15 dan ortiq mamlakatning 150 nafar ishtirokchi talabalarini birlashtirishga mo‘ljallangan.

Marosim so‘ngida IT sohasining yetakchi ekspertlari qizlarning IT sohasidagi imkoniyatlari, o‘qish va ishni uyg‘unlashtirish, boshqaruv lavozimidagi ayollar yo‘li va shaxsiy brendni rivojlantirish kabi turli mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Manba: digital.uz