Qizlarni IT sohasiga qiziqtirish maqsadida tashkil qilingan xalqaro Technovation Girls tanlovining O’zbekistondagi mahalliy bosqichiga ishlarni qabul qilish yakunlandi, deya xabar beradi gazeta.uz nashri.
1300 nafardan ortiq qizlar Technovation Girls Uzbekistan tanlovi doirasida texnologiya va innovatsiyalar yordamida ijtimoiy muammolarni yechishga yordam beradigan 83 ta loyiha ishlab chiqdi. Loyihalar orasida o‘smirlar orasidagi bullingga qarshi dastur hamda o‘qish va uy vazifalarni tekshirish uchun onlayn yordamchi dastur kabi qiziq g‘oyalar bor.
Endi 31-mayda tanlovning hududiy bosqichining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonning eng yaxshi jamoalari esa xalqaro final bosqichida ishtirok etish va o‘z loyihasini taqdim etish uchun AQSHning Kaliforniya shtatiga boradi.
Asosiy nominatsiyalardan tashqari Yandex kompaniyasi maxsus Smart City (shahar muhitidagi muammolarni hal qilish) hamda AI for Good (sun’iy intellekt bilan ishlaydigan loyihalar) yo‘nalishlarida ham maxsus sovrin e’lon qilgan.
Ma’lumot uchun, Technovation Girls xalqaro notijoriy tashkilot bo‘lib, o‘tgan yilning o‘zida dunyo bo‘ylab 61 mamlakatdan bo‘lgan qariyb 7000 nafar qiz jamiyatdagi muammolarga o‘zlarining 2000 dan ortiq yechim taklif qilgan edi. Ular orasida o‘zbekistonlik qizlardan tuzilgan Tecnas jamoasi taqdim etgan Sinov loyihasi Kaliforniyadagi global finalda ishtirok etib, dunyoning eng yaxshi 6 jamoasidan biriga aylangan edi.