Qanday qilib IT Park rezidenti bo‘lish mumkin?

Maqolada qaysi tashkilotlar IT Park rezidenti bo‘lish hamda uning imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega ekani to‘g‘risida so‘z boradi.

O‘zbekistondagi IT kompaniyalarni rivojlantirish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan IT Parkka a’zolik tashkilotlarga rivojlanish uchun bir qancha imtiyozlarni taqdim etadi.

Maqolada qaysi kompaniyalar IT Park rezidenti maqomini olishi mumkin ekani, rezidentlarga qaysi soha bo‘yicha faoliyat olib borishi ruxsat etilgani va IT Parkka a’zolik qanday imkoniyatlar berishi kabi mavzularda so‘z yuritilgan.

Texnopark rezidenti maqomini olish uchun qanday talablar qo‘yiladi?

Axborot texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilot IT Park rezidentligiga qabul qilinish uchun quyidagi talablarga mos kelishi kerak:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi kerak;
  • Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori bilan tasdiqlangan nizomning 2-ilovasida ko‘rsatilgan faoliyat turi yoki turlari bilan shug‘ullanishi kerak (faoliyat turlari bilan quyiroqda tanishishingiz mumkin);
  • Yuqorida eslab o‘tilgan faoliyat turlari bo‘yicha iqtisodiy asoslangan biznes-rejaga ega bo‘lish kerak.

Tashkilotlar IT Parkka a’zo bo‘lish uchun ushbu havola orqali ariza yuborishi zarur.

IT Parkka a’zo tashkilotlar esa mana bu havola orqali ariza yuborib, ofis ijara olishi mumkin.

Texnopark rezidentlari qaysi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatishi mumkin?

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalar texnologik parki rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari bilan tanishing:

  • Har qanday platformalar uchun dasturiy ta’minotni, shu jumladan kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish, loyihalash hamda ularni sotish (shu jumladan, dasturiy ta’minotdan foydalanishga ruxsat berish, dasturiy ta’minotning mutlaq huquqini berish (taqdim etish).
  • Dasturiy ta’minotni joriy etish yoki joriy etishda alohida bosqichlarni amalga oshirish, qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish, shu jumladan, ushbu dasturiy ta’minot bilan ishlash (malaka oshirish)ni o‘rgatish xizmatlari.
  • Dasturiy mahsulotni takomillashtirish hamda modifikatsiya qilish.
  • Axborot tizimlari va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish jarayonida ma’lumotlar bazalarini yaratish, ushbu ma’lumotlar bazalari uchun yozuvlarni belgilangan shaklda tayyorlash hamda ularga kirishni ta’minlash, qo‘llab-quvvatlash va xizmat ko‘rsatish.
  • Dasturiy ta’minotdan foydalangan holda ma’lumotlarni qayta ishlash faoliyati.
  • O‘z dasturiy ta’minotida reklama uchun joy taqdim etish yoki dasturiy ta’minotning xususiyatlaridan foydalangan holda boshqa qo‘shimcha daromad olish.
  • Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini ishlab chiqish va joriy etish.
  • Yuridik shaxslarning axborot ehtiyojlarini tahlil qilish (tizimli tahlil, biznes-tahlil) hamda biznes-jarayonlarni innovatsiya (reinjiniring) qilish maqsadida axborot tizimlari va dasturiy ta’minotni joriy qilish uchun texnik talablarni ishlab chiqish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha maslahat berish.
  • Axborot tizimlari va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, joriy qilish va ularni foydalanishga topshirish jarayonida foydalanuvchilarning axborot ehtiyojlari va texnik talablariga muvofiqligini audit qilish.
  • Texnopark rezidenti tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotda uchinchi shaxs so‘roviga binoan ma’lumotlarni qidirish, tanlash, qayta ishlash va saralash hamda ularga axborot taqdim etish bo‘yicha avtomatlashtirilgan xizmat ko‘rsatish.
  • Dasturiy ta’minotdan (dasturiy-apparat vositalaridan) foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi norezidentlariga yordamchi ishlab chiqarish, ma’muriy va biznes jarayonlarni boshqarish (amalga oshirish) bo‘yicha xizmat ko‘rsatish (biznes-jarayonlarni autsorsing qilish).
  • Texnopark rezidenti tomonidan ishlab chiqilgan materiallar, texnologiyalar, mikro-, opto- va nanoelektronika, mikroelektrotexnika tizimlari hamda ular bilan mos keluvchi dasturiy ta’minotni sotish.
  • Ma’lumotlarni uzatish tizimlari, texnologiyalar, qurilmalar va radiolokatsiya tizimlari, radionavigatsiya, radioaloqa, radioboshqaruv, radiochastota identifikatsiya uskunalarini ishlab chiqish (tadqiqot o‘tkazish, loyihalash (qurish), test qilish hamda texnik sinovdan o‘tkazish) va bunday ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarish yoki ushbu xizmatlarni ko‘rsatmasdan turib o‘zlashtirilgan holda sotish xizmatlari.
  • Yuqori texnologiyali qurilmalar va tizimlar, dasturiy-apparat vositalari va ular bilan mos keluvchi dasturiy ta’minotni (sanoat xarakteriga bog‘liq bo‘lmagan holda) ishlab chiqish yoki ishlab chiqarishning alohida bosqichlari (tadqiqot o‘tkazish, loyihalash, prototiplash, sinovdan o‘tkazish) hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish va (yoki) ishlab chiqarish natijalarini o‘zlashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yoki xizmat ko‘rsatmasdan sotish.
  • Axborotni texnik va (yoki) kriptografik, shu jumladan, elektron raqamli imzodan foydalanish orqali himoya qilish faoliyati.
  • Bir-biri va tashqi muhit bilan o‘zaro muloqot qilish uchun o‘rnatilgan texnologiyalar bilan jihozlangan jismoniy obyektlarning hisoblash-kommunikatsiya tarmog‘i konsepsiyasini ishlab chiqish, joriy qilish va sotish bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlar.
  • Texnopark direksiyasi tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq, axborot texnologiyalari sohasida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali ta’lim berish faoliyati.
  • Internet jahon axborot tarmog‘i orqali axborot xizmatlarini eksport qilish.
  • Multimedia va dizayn sohasida (veb-dizayn, grafika dizayni, kompyuter o‘yinlari dizayni, vektor grafikasi, 3D grafika, vizuallashtiruvchi dizayn, interfeys dizayni, texnik dizayn, moushn dizayn) xizmat ko‘rsatish.
  • Dasturiy ta’minotdan foydalangan holda multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish.
  • Axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni venchur moliyalashtirish hamda akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish faoliyati.
  • Kibersport sohasida xizmat ko‘rsatish.

Rezidentlar qanday huquqlarga ega?

IT Park rezidentlari bir qancha imtiyoz va huquqlarga ega bo‘lib, ulardan eng asosiylari quyidagilar:

  • Daromadlarda soliq imtiyozlaridan foydalanish;
  • “IT Park rezidenti” belgisidan foydalanish sharti bilan Texnopark savdo belgisidan foydalanish;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi tasdiqnomalarini olmasdan turib chet ellik mutaxassislarni jalb etish; 
  • Eksport qilingan tovar yoki xizmatlarning hajmi joriy hisobot kalendar yilida ma’lum miqdordan oshganida 50 foizgacha Direksiyaga har oy o‘tkaziladigan ajratmalar miqdorini pasaytirish.

IT Park rezidentlarining majburiyatlari qanday?

IT Park rezidentlari bo‘lgan kompaniyalar bir qancha oddiy talablarga rioya qilishlari kutiladi. Ulardan eng asosiylari bilan tanishing:

  • tasdiqlangan faoliyatlar ro‘yxati bo‘yicha ishlash;
  • har chorakda bir marta faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etish;
  • Har oyda, hisobot davridan keyingi oyning 20-kunidan kechikmay Direksiyaning talab qilib olinadigan depozit hisobvarag‘iga jami daromadning bir foizi miqdorida ajratma o‘tkazish;
  • yilda bir marta audit o‘tkazish va xulosa nusxasini IT Parkka yuborish.

Agar kompaniyalar bu qoidalarga amal qilmasligi kuzatilsa, IT Park rezidentligi maqomidan mahrum qilinadi.

IT Park qanday huquq va majburiyatlarga ega?

Direksiyaning ba’zi asosiy huquqlari:

  • Rezidentdan uning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotni, shu jumladan statistika va soliq hisobotlarining nusxalarini olish;
  • Rezidentning yangi mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda targ‘ib qilishni tashkil etish;
  • Soliq organlaridan Rezidentning soliq hisobotlarini olish;
  • O‘z vakolati doirasida alohida tuzilgan shartnomalar asosida Rezidentga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish;

Direksiyaning ba’zi asosiy majburiyatlari quyidagilar:

  • Rezidentlarga texnopark rezidenti sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida guvohnoma berish;
  • .O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga va Davlat bojxona qo‘mitasiga, yuridik shaxsga xizmat ko‘rsatadigan tijorat bankiga yuridik shaxs Texnopark rezidenti sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida rasmiy bildirishnoma yuborish.

Rezidentlar hamda direksiyaning huquq va majburiyatlari aks etgan to‘liq ro‘yxatni ushbu havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

Manba: IT Park rasmiy vebsayti