Maqolada yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar uchun sarf qilgan xarajatlarining 100% gacha bo‘lgan qismini qoplab berish tartibi haqida tushuntirish berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining “Xalqaro IT-sertifikatlarga ega bo‘lgan yosh mutaxassislarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 17.02.2024 yildagi 95-son qarori haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Unga agar siz xalqaro IT sertifikatlari, qo‘shimchasiga esa B2 darajadagi til sertifikatiga ega bo‘lsangiz, sertifikat xarajatini 100% gacha qaytarib olishingiz mumkin. Ushbu maqolada shu qaror tavsifi, kimlarga tegishli ekani va xarajatlarni qoplash tartibi kabi masalalar yoritib o‘tiladi.
Kimlarning xalqaro IT-sertifikat olish xarajatlari qoplab beriladi?
Ishni boshlashdan avval yosh chegarasini aniqlab olamiz. Qarorga ko‘ra, IT sertifikatlari uchun sarf qilgan xarajatni qoplash uchun 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ariza topshira oladi. Agar ariza beruvchi 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, arizada ota-ona/vasiyning ma’lumotlari ko‘rsatilishi lozim.
Qaysi sertifikatlar uchun kompensatsiya huquqi mavjud?
Yoshingiz shu oraliqqa kirsa, endi sertifikat turini tanlab, o‘qishni boshlasangiz ham bo‘ladi. Qarorda Google, Cisco, Oracle, SAP va Coursera kabi 20 dan ortiq yetakchi kompaniyalarning 205 turdagi kurslarida olingan sertifikatlarni qoplab berish nazarda tutilgan. Kurslar tarmoq administratori, dasturchilik, dizayn, sun’iy intellekt kabi 9 xil yo‘nalishda. Bundan tashqari, sertifikatlar malakaviy jihatdan boshlang‘ich, o‘rta va professional darajalarga bo‘linadi. Kompensatsiya qilinadigan sertifikatlarning to‘liq ro‘yxatini ushbu havola yordamida ko‘rishingiz mumkin.
Agar sizda boshlang‘ich darajadagi xalqaro IT-sertifikat bo‘lsa, xarajatlarning 30% qismi, o‘rta darajadagi sertifikat uchun 40% qismi, professional darajadagi sertifikatingiz bo‘lganida esa 60% qismi qoplab beriladi.
Ariza topshirish uchun nimalar kerak?
Ro‘yxatdagi kurslarning birida o‘qidingiz va muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatga ega bo‘ldingiz. Innaykeyin-chi? Endi mana bu havola orqali interaktiv davlat xizmatlarining yagona portaliga kompensatsiya uchun ariza yuborishingiz zarur. Esingizda bo‘lsin, ariza IT-sertifikat olingandan 180 kalendar kuni ichida yuborilishi kerak, aks holda xarajat qoplab berilmaydi.
Ariza uchun sizga:
- xalqaro IT-sertifikat nusxasi;
- agar siz IT-sertifikatni olish uchun o‘quv kursiga sarflagan xarajatni qoplash uchun so‘rovnoma to‘ldirayotgan bo‘lsangiz, shu o‘quv kursini o‘qiganingiz va tamomlaganingizni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- IT-sertifikatni olish xarajatlaringizni tasdiqlovchi to‘lov kvitansiya nusxasi;
- qoplanishi zarur bo‘lgan mablag‘ni yo‘naltirish uchun aktiv holatda bo‘lgan milliy valyutadagi bank plastik karta ma’lumotlari kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, agar sizda ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajaga ega xalqaro til sertifikati mavjud bo‘lsa, uni ham yuklab, IT-sertifikat uchun 100% gacha kompensatsiyaga ega bo‘lishingiz mumkin. Qarorda 4 ta — IELTS, TOEFL iBT, TOEFL iTP va Cambridge Assessment English xalqaro til sertifikatlari mavjud bo‘lganidagina IT-sertifikat xarajatlari qoplab beriladi.
T/r | Sertifikat nomi | Muvofiqlik darajasi | ||
Common European Framework of References (CEFR) | ||||
B2 | C1 | C2 | ||
1. | International English Language Testing System (IELTS) | 5.5 — 6.5 | 7.0 — 8.0 | 8.5 — 9.0 |
2. | Test of English as a Foreign Language (TOEFL iBT) | 72 — 94 | 95 — 113 | 114 — 120 |
3. | Test of English as a Foreign Language (TOEFL iTP) | 543 — 626 | 627 — 677 | |
4. | Cambridge Assessment English | (FCE)160+ | (CAE)180+ | (CPE)200+ |
Barcha hujjatlar PDF shaklda yuborilishi zarur.
Necha kunda kompensatsiya qilinadi?
Ariza shakliga so‘ralgan barcha shaxsiy hamda sertifikatga tegishli ma’lumotlarni kiritgandan so‘ng so‘rovingiz ishchi organga yuboriladi va ko‘rib chiqiladi. Xizmat ko‘rsatish muddati — 28 ish kuni. Keling, ayrim alohida holatlarni ko‘rib chiqamiz:
— Agar hammasi joyida bo‘lsa, hujjatlaringiz 7 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.
— Agar so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarda tuzatish mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklar bo‘lsa, ularni to‘g‘rilash uchun sizga 5 ish kunidan iborat muddat beriladi.
— Agar xalqaro IT-sertifikat va ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatning haqiqiyligini verifikatsiya orqali aniqlashning imkoni bo‘lmasa, ishchi organ xalqaro IT-sertifikat va/yoki til sertifikatni taqdim qilgan tashkilotga ushbu sertifikatning haqiqiyligini aniqlash yuzasidan so‘rov yuboradi. Bu holatda jarayon 30 kalendar kuniga uzaytiriladi.
Xulosa
Agar siz 14-30 yosh oralig‘idagi xalqaro IT-sertifikatiga ega O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsangiz, ushbu havola yordamida ariza topshirib, IT-sertifikati va uni olish uchun o‘quv kursiga sarflangan xarajatlarni 100% gacha kompensatsiya qilib olishingiz mumkin. Kompensatsiya qiymati sertifikatning malakaviy darajasiga hamda xalqaro til sertifikatining mavjudligiga bog‘liq.