Sport dasturlash bo‘yicha “ICT4Girls” O‘zbekiston o‘quvchi qizlar olimpiadasida maktab, kasb-hunar maktabi, litsey va kollejda tahsil olayotgan 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar qatnasha oladi.
Olimpiada 2 bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqich – hududiy bosqich: 14 hududning har biridan berilgan topshiriqlar to‘plamidan kamida 2 ta savolga to‘g‘ri yechim bergan birinchi 5 nafar ishtirokchi Respublika bosqichiga yo‘llanma oladi. Olimpiadaning 1-bosqichi iyun oyining birinchi 10 kunligida tashkil etiladi (aniq sana va manzil ro‘yxatga olish jarayoni tugagachTelegramdagi ICT4Girls guruhida e’lon qilinadi).
2-bosqich – Respublika bosqichi: Yuqori ball to‘plagan birinchi 12 nafar ishtirokchi ICT4Girls olimpiadasi g‘olibi deb topiladi va munosib taqdirlanadi. Olimpiadaning 2-bosqichi iyun oyining ikkinchi 10 kunligida tashkil etiladi (aniq sana va manzil 1-bosqich tugagach, Telegramdagi ICT4Girls guruhida e’lon qilinadi).
Bonus: Joriy yilda ICT4Girls olimpiadasining g‘oliblari uchun sport dasturlash bo‘yicha maxsus butkemp tashkil etiladi va butkemp so‘ngida saralangan 4 nafar qiz 21-27-iyul kunlari Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida bo‘lib o‘tadigan Informatika fani bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasi (EGOI)da O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etadi.
Olimpiada savollari ingliz va o‘zbek tillarida beriladi. Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 masaladan iborat to‘plamni bajarishi lozim bo‘ladi. Topshiriqlar C++ yoki Python dasturlash tillarida kod yozish orqali amalga oshiriladi. Har bir bosqich uchun berilgan topshiriqlarni bajarish uchun umumiy 5 soat vaqt beriladi.
Sport dasturlash bo‘yicha “ICT4Girls” O‘zbekiston o‘quvchi qizlar olimpiadasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Amity universiteti hamda Uzum bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Ro‘yxatdan ushbu havola orqali o‘tishingiz mumkin.