Parijda boʻlib oʻtgan WomenInTech konferensiyasida ilk bor Oʻzbekiston vakillari ishtirok etdi.

Har yili boʻlib oʻtadigan WomenInTech Global jahon hamjamiyatining xalqaro sammitida ilk bor Oʻzbekiston vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligining rasmiy sayti.

Oʻzbekiston WomenInTech tashkilotiga 2023-yilning mart oyida qoʻshilgan va 2024-yilda ushbu tadbirda ishtirok etmoqda. Sammitning maqsadi ishtirokchilar bilan fikr va tajriba almashish uchun ahamiyatli boʻlgan platforma yaratishdan iborat. Tadbirda boʻlib oʻtgan panel muhokamalar, taqdimot va netvorking imkoniyatlari ayollarning IT sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish, sohada inklyuzivlikni qoʻllab-quvvatlash va texnologik muhitda ijobiy oʻzgartirishlar kiritilishiga qaratilgan. Sammitda 50 dan ortiq davlatdan 450 nafar delegatsiya vakillari hamda 70 nafar maʼruzachi ishtirok etdi.

Oʻzbekiston nomidan qatnashgan delegatsiya aʼzolaridan biri, Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova ham “Beyond Glass Ceilings: Women in Tech Leadership” (Koʻrinmas toʻsiqlar ortida texnologiyadagi ayollarning yetakchiligi) mavzusiga bagʻishlangan panel muhokamada ishtirok etdi. Kamola Sobirova Oʻzbekistondagi xotin-qizlarning ijtimoiy–siyosiy faolligini oshirish, ularning turli sohalarda oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratish davlat siyosatiga aylantirilgani va xotin-qizlarning aynan STEM sohasidagi kasblarga jalb qilishda Raqamli texnologiyalar vazirligi olib borayotgan bir qancha ishlar haqida maʼlumot berib oʻtdi.

Tadbirning 2-kunida Technovation Girls musobaqasi doirasida Sinov VR ilovasini yaratgan oʻzbekistonlik qizlarning “Ayol yoʻli” videosi sammit qatnashchilari uchun taqdim etildi. Loyiha ishtirokchilaridan biri Gulnoza Abdurashidova ham panel muhokamada qatnashib, oʻz tajribasi bilan boʻlishdi.

Ma’lumot uchun, 2018-yilda tashkil etilgan WomenInTech tashkiloti 2030-yilga qadar 5 million nafar xotin-qizlarni texnologiya olamiga jalb qilishni oʻz oldiga oliy maqsad qilib qoʻygan. Bugungi kunda tashkilot dunyo bo‘ylab 179 mamlakatdan 9000 nafardan ortiq elchi va 80 000 nafar texnik ekspertni qamrab olgan.

Tadbir yakunida joriy yilning oktyabr oyida Women in Tech CCA Awards sammitining Oʻzbekistonda oʻtkazilish gʻoyasi ham ilgari surildi.

Manba: digital.uz sayti