Joriy yilning 8-may kuni Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligida yetakchi banklari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda AloqaVentures va IT Park rahbarlari startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar, venchur investitsiyalar va startap loyihalarning bankka keltiradigan foydasi haqida soʻzlab berdi.
Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad bank sektorini Oʻzbekistondagi venchur va startap ekotizimlarining rivojlanish dinamikasi bilan tanishtirishdan iborat edi. Bundan tashqari, uchrashuv davomida mehmonlar IT Park faoliyati, rezident kompaniyalarga yaratilgan imkoniyatlar va IT eksportini kengaytirish boʻyicha qilinayotgan ishlar boʻyicha maʼlumotlar bilan tanishdi.
Kelgusi haftadan boshlab Oʻzbekistonning yirik banklari ishtirokida istiqbolli startap loyihalari bilan tanishish maqsadida uchrashuvlar tashkil etilishi kelishib olindi. Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish va mahsulotlarni bank tuzilmasiga integratsiyalash imkoniyatlarini muhokama qilish ham rejalashtirilgan.
Uchrashuvda qatnashishni istovchi startap egalari ushbu havola orqali roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Loyihalar saralab olinganidan soʻng masʼullar startapchilar bilan bogʻlanadi.
Maʼlumot uchun, “AloqaVentures” venchur fondi 2021-yilda “Aloqabank” aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan innovatsion va istiqbolli startap loyihalarga sarmoya kiritish maqsadida tashkil etilgan. Fond faoliyati kompaniyalar, startap loyihalar va ularning hamkorlari bilan birgalikda zamonaviy texnologik yechimlarni yaratish, global muvaffaqiyatlarga erishish, raqamli transformatsiyalar peshqadamiga aylanishga qaratilgan.
Manba: Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi rasmiy sayti