IT Park Uzbekistan va Plug and Play innovatsiyalar platformasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Akselerator, venchur kapital investitsiya va korporativ innovatsion konsalting xizmatlarini taqdim etuvchi Plug and Play xalqaro innovatsiyalar platformasi va IT Park Uzbekistan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek startaplari va xalqaro texnologik hamjamiyat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida IT Park Uzbekistan Plug and Play innovatsion platformasi bosh ofisi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Yig‘ilish o‘tgan yilgi yutuqlarni muhokama qilish va 2024-yilga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuv davomida Plug and Play hamda IT Park Uzbekistanning O‘zbekistondagi startaplar va venchur ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha samarali hamkorlik natijalari sarhisob qilindi. Shuningdek, mahalliy korxonalarni xalqaro bozorga olib chiqishni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.

Plug and Play vakillari O‘zbekistonga xalqaro venchur fondlar va investorlarni jalb qilish uchun o‘zlarining boy netvorkingidan foydalanishga tayyor ekanini bildirdi. Hamkorlik o‘zbek startaplari uchun nafaqat moliyalashtirish, balki bilim va tajriba almashish uchun uchun ham yangi yo‘llarni ochib beradi.

Kelgusi yil uchun bir qancha tadbirlar rejalashtirib, O‘zbekiston startaplarining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash dasturini alohida muhim qadam sifatida ko‘rish mumkin. IT Park Uzbekistan va Plug and Play o‘rtasidagi hamkorlik o‘zbek mahsulot hamjamiyati uchun yangi davrni va O‘zbekistonning global startap ekotizimi bilan integratsiyalashuvini anglatadi. Birgalikda amalga oshirilgan sa’y-harakatlar startaplarning taraqqiy etishi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu mamlakatning muvaffaqiyatli texnologik istiqboli garovidir.

Manba: IT Park Uzbekistan rasmiy sayti