UpStream BPO kompaniyasi Sirdaryo viloyatida yangi ofisini ochmoqchi

Malayziya va Singapurda 5000 dan ortiq xodim va ofislarga ega Osiyodagi eng yirik BPO xizmati provayderlaridan biri UpStream BPO Oʻzbekiston Respublikasining Sirdaryo viloyatida yangi ofisini ochmoqchi ekani xabar qilindi.

IT Park vakillari Malayziyaning mashhur UpStream BPO autsorsing kompaniyasi asoschisi Ahmad Qayum bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida bosh direktor Ahmad Qayum O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida yangi ofis ochish va uning Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish rejasini aytib o‘tdi. 

O‘zbekistonda yangi ofis ochish qarori UpStream BPOʼning rivojlanayotgan bozorlarga chiqish va Markaziy Osiyoda o‘sib borayotgan iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish strategiyasiga mos keladi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston o‘zining strategik jihatdan qulay geografik joylashuvi va dinamik iqtisodiy o‘sishi tufayli ham mahalliy, ham xalqaro bozorlarga xizmat ko‘rsatish uchun eng qulay joy hisoblanadi, deya xabar beradi it-park.uz.

UpStream’ning Sirdaryodagi yangi BPO bo‘limi asosiy e’tiborni inson resurslari, moliyaviy texnologiyalar, kiberxavfsizlik va umumiy biznes jarayonlarini autsorsing kabi bir qancha muhim biznes funksiyalarga qaratishni rejalashtirmoqda. Yurtimizdagi kadrlar salohiyati va ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish maqsadida INHA universiteti bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda kelgusida mutaxassislarni birgalikda tayyorlash va keyinchalik ularni O‘zbekistondagi UpStream BPO’da ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Yangi vakolatxona ochilishi Oʻzbekistonning axborot texnologiyalar sohasidagi eksport salohiyatini koʻtarishi va sifatli ish oʻrinlarini yaratish orqali mahalliy iqtisodiyotga ijobiy taʼsir oʻtkazishi kutilmoqda.

Manba: it-park.uz