Shu yilning 26-yanvar kuni UZINFOCOM kompaniyasi delegatsiyasining Xitoyga qilgan safari davomida “iFlyTek” hamda BYD kompaniyalari oʻrtasida uch tomonlama bitimga erishildi, deb xabar berilgan edi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi rasmiy telegram kanalida.
“Samarali uchrashuv va muzokaralar natijasida kompaniyamiz bilan IFLYTEK va BYD kompaniyalari oʻrtasida rasmiy uch tomonlama bitimga erishildi va imzolandi, unga koʻra 2024-yil oxirigacha BYD avtomobillarida oʻzbek tilida Muxlisa AI ovozli yordamchisi o‘rnatilishi kelishib olindi.
Ushbu integratsiya texnologiyani mahalliylashtirish va avtomobil egalari uchun qulay vositalarni yaratish, ularga o‘z transport vositalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lishda qulay foydalanuvchi tajribasini taqdim etishda muhim qadam bo‘ladi”, deyilgan xabar davomida.
16-aprel kuni esa “iFlyTek” kompaniyasi vitse-prezidenti Duan Davey bilan turli sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Muzokaralar davomida oʻzbek tilidagi Muxlisa ovozli assistentini Oʻzbekistonga import qilinadigan va ishlab chiqarilayotgan zamonaviy Xitoy elektr avtomobillarini integratsiya qilish va rivojlantirish jarayoni, shuningdek, boshqa sohalarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Kompaniya vitse-prezidentining fikricha, UZINFOCOM hamda “iFlyTek” kompaniyasi oʻrtasidagi hamkorlik oʻzbek tilining butun tarixi va boyligini ifoda etish orqali Oʻzbekistonning elektromobil foydalanuvchilarini jipslashtirishi mumkin.
Maʼlumot uchun, “iFlyTek” kompaniyasi 1999-yilda tashkil etilgan bo‘lib, sun’iy intellekt sohasida dunyodagi eng innovatsion kompaniyalardan biri sifatida tan olingan.