Boshlang‘ich darajadagilar ham qatnasha oladigan xakatonlarfreepik.com

Maqolada boshlang‘ich darajadagi dasturchilar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan xalqaro onlayn xakatonlar haqida so‘z yuritiladi.

Xakatonlar dasturchilarni yangicha usulda o‘ylashga, muammolarga boshqa ko‘z bilan qarashga o‘rgatishdan tashqari muhim texnik va ijtimoiy ko‘nikmalar bilan boyitadi ham. Kompaniyalar esa bunday tadbirlar yordamida istiqbolli mutaxassislarni topadi. Foydali bo‘lishiga qaramasdan, ko‘pchilik yosh dasturchilar tajriba kamligi sabab xakatonlarda qatnashishga yuragi dov bermaydi. Ushbu maqolada boshlang‘ich darajadagi mutaxassislar ishtirokini qo‘llab quvvatlaydigan xakatonlar jamlangan. Ariza topshiring va xakaton bo‘yicha ilk tajribangizni qo‘lga kiriting!

MoonHacks By Moon Corp. Sovrin jamg‘armasi — 5015$

Moon korporatsiyasi tomonidan tashkil etilgan MoonHacks onlayn xakaton bo‘lib, unda ta’lim dunyosini texnologiyalar yordamida o‘zgartirib yuborish ko‘zda tutilgan. Xakaton doirasida o‘quvchi va talabalarni STEM sohasi bilan tanishtirish mo‘ljallangan.

Muddat: 2024-yil 25-may

Talablar:

  • Qatnashuvchilar 13–21 yosh oralig‘ida bo‘lishi lozim. 18 yoshdan kichik ishtirokchilar uchun ota-ona yoki vasiylarining roziligi zarur
  • Jamoa a’zolari 1–4 nafardan iborat bo‘lishi va har bir a’zo muvofiqlik shartlariga to‘g‘ri kelishi kerak
  • Loyihalarga egalik huquqi ishtirokchilarda qoladi, ammo MoonHack ishtirok etgan loyihalardan reklama va ta’lim maqsadlarida foydalanish huquqiga ega

Loyiha shartlari:

  • Ta’lim jarayonini yaxshilaydigan texnologiyaga asoslangan yechim ishlab chiqing. Loyiha veb va mobil ilova, dasturiy vosita kabi istalgan innovatsion raqamli yechim bo‘lishi mumkin
  • Loyihaning asosiy xususiyatlarini aks ettiradigan funksional prototip yarating. Prototip qanchalik sayqal va foydalanish uchun qulay bo‘lsa, shuncha yaxshi
  • Loyihaning kodini GitHub, GitLab yoki Bitbucket kabi ochiq kod omborlarida saqlang. Unda source code, asset va loyiha uchun zarur barcha manbalar bo‘lishi zarur.
  • Loyihaning funksionalligi va xususiyatlarini namoyon etadigan davomiyligi 5 daqiqadan oshmaydigan jozibali video tayyorlang. Videoda jamoangiz ko‘rsatgan yechim ta’limdagi muayyan muammoni qanday hal qilishi yoki o‘rganish jarayonini qay tarzda yaxshilash mumkinligini ko‘rsatib berilsin.
  • Loyiha haqida qisqacha ma’lumot beruvchi taqdimot tayyorlang. Vizual element va diagrammalar yordamida loyihaning tarixi, maqsadi, xususiyatlari va uning ta’limga beradigan potensial ta’sirini ko‘rsatib bering
  • Jamoaning barcha a’zosining ismi va kontakt ma’lumotlarini hamda loyihaga qo‘shgan hissasiga urg‘u berilgan qisqa kirish matni yozib qoldiring

Xakaton haqidagi to‘liq ma’lumot hamda qatnashish uchun havolani bu yerdan topishingiz mumkin.

Google Cloud Vertex AI Agent Builder Hackathon. Sovrin jamg‘armasi — 30 000$

Mazkur onlayn xakatonda Google’ning Vertex AI Agent Builder xizmatidan foydalangan holda quyidagi 4 yo‘nalishda low code yoki no-code chatbot yaratish zarur bo‘ladi:

  • Bilimga doir bot (masalan, ma’lum toifadagi shaxslarning malakasini oshirish va ta’lim berishga mo‘ljallangan bot)
  • Hayot tarziga oid bot (masalan, salomatlik, inklyuzivlikni yaxshilaydigan yoki ko‘ngilochar kviz, o‘yin hamda ijtimoiy bot)
  • Samaradorlikni oshiruvchi bot (masalan, shaxsiy yoki ish joyidagi samaradorlikni yaxshilaydigan bot)
  • Mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi bot (masalan, istalgan sohadagi mijozlarga yordam beruvchi bot)

Muddat: 3-iyun, 2024-yil

Talablar: 

  • Xakaton vaqtida o‘z yashash hududida voyaga yetgan bo‘lishi zarur (ya’ni,o‘zbekistonlik qatnashuvchilar kamida 18 yosh bo‘lishi kerak)
  • Xakatonda jamoa yoki tashkilot nomidan ham qatnashish mumkin
  • Yakka ishtirokchi birdan ortiq jamoa yoki tashkilotga qo‘shilishi yoki agar jamoa yoki tashkilot tarkibida bo‘lsa, yakka o‘zi ham xakatonda ishtirok etishi mumkin.

Loyiha shartlari:

  • Loyiha o‘zi mo‘ljallangan platformada muvaffaqiyatli o‘rnatilishi va video/matn tavsifda tasvirlanganidek muntazam ishlashi kerak
  • Ishtirokchi xakaton yangi loyiha yaratishi mumkin. Bundan tashqari, mavjud loyiha bilan ham xakatonda ishtirok etish imkoni mavjud. Bunda loyiha Google Next AI xakatonining ariza topshirish davrida yaratilgan va mazkur xakatonning ariza topshirish davrida yangilangan bo‘lishi zarur
  • Loyihaga uning xususiyatlarini tavsiflovchi matn hamda kamida bitta sinov skriptini biriktirish lozim
  • Loyiha o‘zi mo‘ljallangan platformada ishlayotganini ko‘rsatuvchi tasvirlarga ega 3 daqiqalik video YouTube, Vimeoga yuklanishi zarur.

Xakaton haqidagi to‘liq ma’lumot, sovrin miqdori hamda qatnashish uchun havolani bu yerdan topishingiz mumkin.

Tri Valley Summer Long Hackathon. Sovrin jamg‘armasi — 223 000$

Gibrid shaklda bo‘lib o‘tadigan bu xakatonga dunyoning istalgan burchagidan turib qo‘shilish va ushbu g‘ayrioddiy hodisaning bir qismiga aylanish mumkin. Tri Valley xakatoni ishtirokchilari, shuningdek, soha yetakchilaridan mahorat darslari va seminarlariga kirish imkoniyatiga ega. Xakaton sog‘liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish va ijtimoiy adolat kabi turli mavzular doirasida bo‘lib o‘tadi.

Muddat: 1-iyun, 2024-yil

Talablar:

  • O‘z yashash hududida voyaga yetgan bo‘lishi zarur (ya’ni,o‘zbekistonlik qatnashuvchilar kamida 18 yosh bo‘lishi kerak)
  • Yuboriladigan loyiha asl hamda innovatsion bo‘lishi va texnologiya yordamida mavjud muammoga yechim bo‘lib, bo‘shliqni to‘ldirishi yoki jamiyatga foydasi tegadigan yangi imkoniyat yaratishi lozim

Loyiha shartlari:

  • Loyiha murojaat qilayotgan muammo, taklif etilayotgan yechim va bo‘lajak ta’sirini o‘z ichiga olgan qisqa va aniq tavsif yozing. Unda loyihaning innovatsion hamda muhim ekaniga urg‘u bering
  • Loyihaning asosiy xususiyatlarini ko‘rsatuvchi va muammo, yechim hamda potensial ta’sirni tushuntiruvchi 4 daqiqadan oshmaydigan demo-video yarating. Video hakamlarga, shuningdek ommaga ham ochiq platformada (masalan, Youtube, Vimeo kabilarda) joylanishi lozim
  • Loyihaga unda ishlatilgan texnologiyalar, arxitektura va ishlash prinsipi yoritilgan batafsil ma’lumot ham biriktiring. Unga siz duch kelgan qiyinchiliklar va ularga qanday chora ko‘rganingiz to‘g‘risida qo‘shib ketish maqsadga muvofiq
  • Loyiha GitHub kabi ochiq kod omborida yuklang. Unga qo‘shimcha ravishda qanday o‘rnatish, sozlash va ishlatish ko‘rsatilgan qo‘llanma ham biriktirilishi zarur
  • Jamoa a’zolarining loyihadagi o‘rni va hissasi yoritilgan ma’lumot yozing
  • Loyihaning kelajakdagi rejalarini ko‘rsatib o‘ting

Xakaton haqidagi to‘liq ma’lumot hamda qatnashish uchun havolani bu yerdan topishingiz mumkin.

PhysTech 2024: Physical Activity and Technology Hack Day. Sovrin jamg‘armasi — yo‘q

PhysTech 2024 xakatoni jismoniy faoliyatning har qanday turi bilan shug‘ullanadigan, tahlil qiladigan va targ‘ib qiladigan insonlar uchun mo‘ljallangan. Xakaton doirasida sportchi, murabbiy, hakam va shunchaki jismoniy mashq bilan shug‘ullanadigan odamlar o‘z ehtiyojlari, xohish va qiyinchiliklariga murojaat qiladi va texnologiya yordamida kreativ yechim ishlab chiqadi.

Muddat: 29-iyun, 2024-yil

Talablar:

  • Ishtirokchilar 13 yoshdan katta bo‘lishi kerak
  • Har bir ishtirokchi loyiha va uni tavsiflovchi taqdimot faylini 29-iyun EST vaqt tizimi bo‘yicha 12:00 ga qadar yuklashi va 30-iyun kuni onlayn taqdimot o‘tkazishi lozim

Loyiha shartlari:

  • Loyiha istalgan sport va jismoniy faoliyat turidagi muammolarni hal qilishga qaratilgan turli yechimlardan iborat bo‘lishi mumkin. Masalan, ilova, o‘yin, ijtimoiy platforma, vebsayt va veb-xizmatlar, qurilma, sensor, robot, audio-, videomahsulotlar, ma’lumot ombori, tahlili va bashorati, ma’lumot vizualizatsiyasi hamda 3D model yoki 3D chop etish kabi turli yo‘nalishlarda yechim taqdim etishingiz mumkin
  • Loyiha topshirish vaqtida sizdan kontakt ma’lumotlari, loyiha haqida qisqacha tavsif kabi ma’lumotlar so‘raladi
  • Loyihani GitHub kabi ochiq kod omboriga yoki Google Drive kabi xosting xizmatlariga yuklashingiz zarur
  • Loyiha bo‘yicha taqdimot taxminan 10 daqiqa davom etadi, shundan 3 daqiqasi hakamlar va boshqa qatnashchilarning savollariga javob berishga ajratiladi

Xakaton haqidagi to‘liq ma’lumot hamda qatnashish uchun havolani bu yerdan topishingiz mumkin.

Microsoft Developers AI Learning Hackathon. Sovrin jamg‘armasi — 10 000$

Microsoft kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan bu xakatonda dasturchilar ChatGPT kabi inqilobiy dasturlar asosidagi ma’lumotlar bazasi to‘g‘risida tengsiz tushunchaga ega bo‘ladi. Ishtirokchilar nafaqat sun’iy intellektda ishlaydigan yordamchi yaratishni o‘rganadi, balki generativ sun’iy intellekt ortidagi ma’lumotlarni tushunish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Muddat: 18-iyun, 2024-yil

Talablar:

  • O‘z yashash hududida voyaga yetgan bo‘lishi zarur (ya’ni,o‘zbekistonlik qatnashuvchilar kamida 18 yosh bo‘lishi kerak)
  • Microsoft kompaniyasining Azure OpenAI xizmatiga kirish zarur (tasdiqlash 2-7 kun vaqt oladi)

Loyiha shartlari:

  • Hakatonda Node.js va Python’dan foydalanib, Azure Cosmos DB yordamida sun’iy intellekt yordamchi botini yasash zarur bo‘ladi
  • Xakaton 2 bosqichdan iborat. 1-bosqichda MongoDB uchun vCore’ga asoslangan Azure Cosmos DB bilan ishlaydigan sun’iy intellekt ilovasini yasash to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lasiz. 2-bosqichda esa o‘z sun’iy intellekt yordamchi botingizni sayqallab, Azure’dagi mavjud yoki yangi loyiha bilan birlashtirasiz.

Xakaton haqidagi to‘liq ma’lumot hamda qatnashish uchun havolani bu yerdan topishingiz mumkin.